Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jakartaga yetib keldi va ilk mashgʻulotini oʻtkazdi
Osiyo kubogi–2026 final bosqichi uchrashuvlarida ishtirok etish uchun Indoneziyaga yoʻl olgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi delegatsiyasi kecha mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da Jakarta shahriga yetib keldi. Terma jamoa aʼzolari “Kimaya Slipi Jakarta by Harris” mehmonxonasiga joylashtirildi.
Bugun kunning birinchi yarmida milliy terma jamoamiz aʼzolari mehmonxona yaqinidagi sport majmua zalida ilk mashgʻulotni oʻtkazishdi. Uzoq safardan soʻng murabbiylar shtabi asosan yengil, chigalyozdi mashqlari bilan cheklanishdi. Kunning ikkinchi yarmida esa chuqurlashtirilgan va intensiv mashgʻulot oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumot oʻrnida, Osiyo kubogi final bosqichi ochilish marosimi hamda 1-tur uchrashuvlari 27-yanvar sanasiga belgilangan. O'zbekiston terma jamoasi o'rin olgan “C” guruhi jamoalari esa dastlabki turni musobaqaning ikkinchi kuni oʻtkazishadi. Nodir Eliboyev boshchiligidagi terma jamoamiz guruh bosqichi oʻyinlari boshlanguniga qadar mahalliy futzal klublariga qarshi ikkita nazorat uchrashuvini oʻtkazishni ham rejalashtirgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi qitʼa chempionatidagi ilk uchrashuvini 28-yanvar kuni Tojikiston terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da start oladi.