O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining hududiy bo‘limlari faoliyati tahlili
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hududiy bo‘limlarining yakuniga yetib borayotgan 2025 yilgi mavsumdagi faoliyati ko‘rib chiqildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 307 nafar sportchi turli yosh toifasidagi terma jamoalarimizga tayyorlab berilgan. Ular kichik o‘smirlar, o‘smirlar, yoshlar va kattalar terma jamoalarining asosiy va zaxira tarkiblaridan o‘rin olgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm viloyatiga tegishli bo‘lib, 62 nafar dzyudochi terma jamoa tarkibiga kiritilgan. Buxoro (39), Qashqadaryo (38) va Toshkent shahri (32) yuqori natijalarni qayd etgan hududlar qatorida e’tirof etildi. Samarqand, Surxondaryo, Jizzax, Navoiy, Toshkent viloyatida ham bu borada ishlar ijobiy ko‘rinishda. Bu yil Sirdaryo viloyatida ham o‘sish ko‘zga tashlandi.
Hududlarda xorijdan taklif etilgan murabbiylar faoliyat yurita boshladi. Bu ham albatta, o‘z samarasini beradi. Prezident Qarori bilan tashkil etilgan Urganch va Denov dzyudo mahorat maktablari tarbiyalanuvchilari qisqa fursatda xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Joriy yilda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining yillik taqvimiga "Uzbekistan Judo Tour" va "Judo Kids" musobaqalari qo‘shildi. Bu ham hududlarda dzyudo ommaviyiligi va rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

2026 yilda Buxoro va Xorazm viloyatlarining tizimli ravishda olib borayotgan rivojlanish tajribasi qolgan hududlarga ham tadbiq etiladi. Bu orqali nisbatan oqsayotgan viloyatlardagi dzyudo rivoji yo‘lidagi islohotlarda ham o‘zgarish va buning ortidan o‘sishga erishish maqsad qilingan.