O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Tokai Gakuen University bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Yaponiyaga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi delegatsiyasi Aichi prefekturasining yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan, zamonaviy sport infratuzilmasi sport tibbiyoti, fiziologiyasi, biomexanikasi va sportchilarni tayyorlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashgan Tokai Gakuen universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda universitet rektori Hisasi Ito, umumiy ta’lim fakulteti dekani Shigeo Nishibuti hamda sport va salomatlik fanlari fakulteti o‘qituvchisi Maho Ueda ishtirok etdi.
Muzokaralar yakunida sportchi va murabbiylarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Yaponiya va O‘zbekistonda qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, shuningdek, o‘zbekistonlik dzyudochilar uchun ta’lim dasturlarini, shu jumladan yapon tilini o‘rganish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Yangi hamkorlik O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining xalqaro hamkorligini mustahkamlash va milliy terma jamoani tayyorlashda Yaponiyaning ilg‘or tajribasini joriy etishda yana bir qadam bo‘ladi.