O‘zbekiston davlat sport akademiyasi bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi turli yo‘nalishlarda qator tashkilotlar bilan sport rivoji yo‘lida hamkorlik qilib keladi.
Kuni kecha hamkor tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paydi. Federatsiyamiz O‘zbekiston davlat sport akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Memorandum imzolash marosimida Akademiya rektori professor Ilhom Tursunaliyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zokir Rasulov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Zafar Yusupov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Aziz Sobirov va xalqaro bo‘lim bosh mutaxassisi Dilshod Shukrulloyev ishtirok etdi.
Memorandum doirasida dzyudo sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy terma jamoalar bilan ishlash, o‘quv-mashg‘ulot jarayonini ilmiy asosda tashkil etish, trenerlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z o‘rnida Federatsiya O‘zbekiston davlat sport akademiyasining dzyudo yo‘nalishi talabalari uchun yuqori natijalarga erishish imkoniyatlarini yaratish va malakali kadrlarni tayyorlashda yordam beradi.