O‘zbek futzalining kelajagi ishonchli qo‘llarda
“Yunusobod” sport majmuasida 2009-yil va undan keyin tug‘ilgan, mamlakatimizning barcha hududlaridan saralab olingan iqtidorli yosh futzalchilarning so‘nggi, hal qiluvchi ko‘rigi bo‘lib o‘tdi.
Jarayonga O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes bevosita boshchilik qildi.
Ispaniyalik mutaxassis “Iste’dodlarni izlab” seleksiya ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan yosh futzalchilarning har birini sinchkovlik bilan kuzatib, ularning imkoniyatlarini nazorat uchrashuvlari orqali baholadi. Shuningdek, yosh futzalchilar va murabbiylarga kerakli ko‘rsatma hamda tavsiyalar berdi.
Xose Mariya Mendes:
— Bugun o‘zbek futzalining kelajagi ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. O‘zbekistonga dastlab kelgan yillarim bilan hozirgi faoliyatimni taqqoslayapman. Bugungi yoshlarning futzalga bo‘lgan ishtiyoqi, ko‘zlaridagi olov meni juda xursand qilmoqda.
Biz O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga nomzod bo‘lishga qodir, tayyor yoshlarni ko‘rib turibmiz. Eng quvonarlisi, 2011–2012-yillarda tug‘ilgan iste’dodli futzalchilar ham juda ko‘p.
Agar biz shu yo‘lda izchil mehnat qilib, iste’dodlarni kashf etib, ularni katta futzal oqimiga jalb qilsak va mahoratini yanada oshirsak, O‘zbekiston nafaqat Osiyoda, balki jahon futzalida ham o‘z so‘zi, ovozi va nufuziga ega bo‘ladi.