O‘zbek dzyudosining yaqin kelajakdagi rejalari - Bahrayndan Yaponiyagacha muhokama qilindi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida o‘smirlar, yoshlar va kattalar terma jamoalarimiz murabbiylar shtabi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda bosh murabbiylarimiz Aleksey Budolin, Aurelian-Chiprian Flis, Andrey Shturbabin Federatsiya raisi Azizjon Kamilovga 2025 yilning qolgan qismi hamda 2026 yil rejalarini taqdim etishdi.
Yil oxirigacha yoshlarimiz shu kunlarda Bahrayn davlati mezbonlik qilayotgan III yoshlar Osiyo o‘yinlarida, katta terma jamoamiz noyabr oyida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan Islom birlamligi o‘yinlarida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, o‘smir va yoshlarimizning Osiyo Kubogi, kattalarimizning esa IJF taqvimidan o‘rin olgan Grand Slam musobaqalarida qatnashishi rejalashtirilgan. 2026 yilning asosiy musobaqalaridan biri esa bu Yaponiyada o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlaridir. Bu butun O‘zbekiston terma jamoalari tizimi uchun jiddiy sinov bo‘ladi.
Yig‘ilish yakunida federatsiya raisi Azizjon Kamilov taqdim etilgan rejalarga baho berib, kelgusidagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi va yangi g‘alabalar yo‘lida tizimli yondashuv, yuqori intizom va yagona jamoaviy usul zarurligini ta’kidladi.