Ot sporti. To‘siqlardan sakrash (show-jumping) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharipov Akbar tomonidan muhim tarixiy natijaga erishildi
2025 yil mamlakatimiz sport sohasida bir qator salmoqli natijalar bilan ajralib turmoqda. Jumladan, O‘zbekiston ot sporti yo‘nalishidagi yutuqlar safi yanada kengayib, to‘siqlardan sakrash (show-jumping) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharipov Akbar tomonidan muhim tarixiy natijaga erishildi.
Sharipov Akbar joriy yil davomida o‘tkazilgan rasmiy musobaqalardagi barqaror va yuqori ko‘rsatkichlari natijasida belgilangan mezonlarni to‘liq bajargan holda “Sport ustasi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Mazkur unvon sportchining professional mahorati, mas’uliyatli yondashuvi, shuningdek O‘zbekiston ot sporti maktabining izchil rivojlanayotganini tasdiqlovchi muhim ko‘rsatkich sifatida e’tirof etiladi.
Kelgusida Sharipov Akbar xalqaro maydonlarda ishtirok doirasini kengaytirish, murakkab reyting musobaqalarida qatnashish hamda tajribasini oshirish orqali “Xalqaro toifadagi sport ustasi” unvonini qo‘lga kiritishga yo‘naltirilgan tayyorgarlikni davom ettiradi.
Ma’lumot uchun:
To‘siqlardan sakrash ot sportining texnik va murakkab turlaridan biri bo‘lib, unda sportchidan yuqori mahorat, aniq boshqaruv, tezkor qaror qabul qilish va ot bilan uzviy hamkorlik talab etiladi.