Ot sporti. Toshkentda uchkurash bo’yicha musobaqa boshlandi
Toshkent Markaziy ippodromida kattalar o‘rtasida ot sportining eng murakkab va tomoshabop yo‘nalishlaridan biri hisoblangan uchkurash bo’yicha musobaqa boshlandi. Musobaqa 17–20-may kunlari bo‘lib o‘tadi hamda ot yo’rttirish, kross va to’siqlardan sakrash (konkur) yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Bugun musobaqaning birinchi kuni — otlarning majburiy veterinariya ko‘rigi VetCheck bo‘lib o‘tdi. Barcha otlar veterinariya nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tib, musobaqaning keyingi bosqichlariga qo‘yildi.
Ertaga esa sportchilar uchkurashning birinchi yo‘nalishi — ot yo’rttirish bo’yicha bahslarini boshlaydi.
Musobaqa dasturi:
• 18-may — ot yo’rttirish 09:00
• 19-may — kross 08:00
• 20-may — soat 08:00 da otlarning takroriy VetCheck veterinariya ko‘rigi, soat 10:00 da esa to‘siqlardan sakrash (konkur) bahslari bo‘lib o‘tadi
Uch kun davomida sportchilar uch yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahorati, chidamliligi va ot bilan uyg‘unligini namoyish etib, g‘oliblik uchun kurash olib boradilar.