Ot sporti. Tarixiy yutuq: O‘zbekiston nomidan Jahon chempionatida ikki nafar chavandoz ishtirok etadi
O‘zbekiston ot sporti terma jamoasi a’zolari Bekzod Kurbanov va Abdurahmon Abdullayev Germaniyaning Axen shahrida 2026-yil 11–23-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan ot sportining to’siqlardan sakrash (konkur) yo’nalishi bo‘yicha FEI Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionati har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi hamda nufuzi jihatidan ot sportidagi eng yirik musobaqalardan biri bo‘lib, faqat Olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadi. Ushbu musobaqada dunyoning eng kuchli chavandozlari va sport otlari jahon chempionligi uchun bahs olib boradi.
Joriy yilgi Jahon chempionatida 59 davlat vakillari ishtirok etadi. Musobaqada murakkab saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 188 ta sport juftligi — chavandoz va ot startga chiqadi.
O‘zbekiston nomidan birdaniga ikki nafar chavandozning Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani mamlakatimiz ot sporti tarixidagi muhim yutuqlardan biri bo‘lib, yurtimiz sportchilarining xalqaro maydondagi salohiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bekzod Kurbonov va Abdurahmon Abdullayevni ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz hamda Jahon chempionatida ularga yorqin va munosib ishtirok tilaymiz!