Ot sporti. Jahon kubogi bosqichi doirasida Susteren otxonasiga tashrif
Jahon kubogining xalqaro bosqichi doirasida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Gaziyev Bahromjon Niderlandiyada joylashgan mashhur Susteren otxonasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida otxona egasi va chavandoz Joren Blomen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda sport otlarini zamonaviy seleksiya asosida yetishtirish, yuqori darajadagi sport otlarini ko‘paytirish va tayyorlash tajribasi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida yuqori natijalarga ega bo‘lgan mashhur sport otlarining genetik materialidan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qimmatli nasldor ayg‘irlarning muzlatilgan urug‘ini O‘zbekistonga olib kelish imkoniyatlari muhokama qilinib, bu mamlakatimizda seleksiya ishlarini yanada rivojlantirish va sport otlarining sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bunday uchrashuvlar Yevropaning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish, zamonaviy seleksiya yo‘nalishlarini o‘rganish hamda O‘zbekistonda yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.