Ot sporti. Chovken sport turi bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi
2026-yil 10-fevral kuni “Universal Horses Stable” ot sporti klubida chovken sport turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqa 14-fevral — buyuk sarkarda va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Turnir O‘zbekiston chovken va tuyalar sporti federatsiyasi tomonidan o‘tkazildi hamda milliy sport turlarini rivojlantirish, yosh chavandozlar mahoratini oshirish va chovken sportini keng targ‘ib qilishga qaratildi.
Musobaqa yuqori sport ruhi, keskin bahslar va jamoaviy hamjihatlik ruhida o‘tdi. Chovken o‘yini o‘zining tezkorligi, taktika va chavandozlardan yuqori jismoniy hamda texnik tayyorgarlikni talab qilishi bilan tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘oliblar:
1-o‘rin — “Chegara qo‘shinlari 1” jamoasi
2-o‘rin — “Toshkent shahar chavandozlar maktabi” jamoasi
3-o‘rin — “Chegara qo‘shinlari 2” jamoasi
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar federatsiya tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.