Ot sporti. Abu-Dabida Arabian Tour xalqaro sport musobaqasi bosqichi bo‘lib o‘tdi
15–18-yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida professional sportchilar va turli mamlakatlardan kelgan rasmiy vakillarni birlashtirgan Arabian Tour xalqaro sport musobaqasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu turnirda O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi prezidenti Gaziyev Bahromjon Valiyevich hamda chovken bo‘yicha vitse-prezident Guzal Furkatovna Irmatova rasmiy vakillar sifatida ishtirok etdilar.
Arabian Tour — Yaqin Sharq mamlakatlarida o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalar seriyasi bo‘lib, yuqori darajadagi tashkiliy ishlar, zamonaviy sport maydonlari va xalqaro ishtirokchilar tarkibi bilan ajralib turadi. Turnir sportni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaning sport salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Shu kabi nufuzli va xalqaro miqyosdagi musobaqalar kelgusida O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi, mamlakatimizda ot sporti va yilqichilik sohasining yanada rivojlanishi, yosh sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qilishiga ishonch bildiramiz.