Ostona- Kurash dunyosi birlashadigan manzil
Ostona- Kurash dunyosi birlashadigan manzil
Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati joriy yil 4–9 noyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur yirik xalqaro sport tadbiri dunyoning turli mamlakatlaridan eng kuchli kurashchilar, murabbiylar, hakamlar, milliy federatsiyalar rahbarlari va sport mutaxassislarini bir maydonga jamlaydi.
Bu Qozog‘iston uchun alohida ahamiyatga ega. Mamlakat tarixida ilk bor Kurash bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan Ostona bir necha kun davomida jahon Kurash oilasining markaziga aylanadi.
Jahon chempionati Jaqsiliq Үshkempіrov nomidagi Yakkakurash saroyida o‘tkaziladi. Musobaqa dasturidan erkaklar va ayollar o‘rtasidagi barcha vazn toifalari bo‘yicha bellashuvlar, ochilish marosimi, yarim final va final bahslari hamda taqdirlash marosimlari o‘rin olgan.
Ostonadagi Jahon chempionati faqat sport bellashuvlari bilan cheklanib qolmaydi. An’anaga muvofiq musobaqa doirasida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi va XXII navbatdagi Kongressi o‘tkaziladi. Ularda Kurashni jahon miqyosida yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sport turining kelgusi taraqqiyot ustuvorliklari muhokama qilinadi.
Shuningdek, tadbirlar dasturidan IKA antidoping seminari, hakamlik va murabbiylik seminarlari hamda xalqaro hakamlik imtihonlari o‘rin olgan. Jahon chempionati WSP reytingi uchun qimmatli ochkolarini taqdim etadi.
Tashkilotchilar tomonidan kutib olish va kuzatish, mehmonxona, ovqatlanish hamda musobaqa va mashg‘ulotlar joylariga transport xizmati kabi zarur sharoitlar bo‘yicha tayyorgarlik jarayonlari olib borilmoqda. Rasmiy delegatsiyalar King Hotel mehmonxonasida joylashtiriladi.
Qozog‘iston Kurash federatsiyasi Prezidenti Andrey Borgens – Mamlakat uchun ushbu chempionatni qabul qilish katta mas’uliyat bilan birga, Qozog‘istonning yirik xalqaro sport musobaqalarini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish salohiyatini namoyon etish uchun muhim imkoniyat ekanligi e’tirof etdi.
Ayni vaqtda ishtirokchilarni ro‘yxatga olish “IKA Registration system” orqali amalga oshirilmoqda.
Ro‘yxatga olishning yakuniy muddati 4 oktyabr kuni yakunlanadi.