Osiyo voleybol konfederatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda
Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Osiyo voleybol konfederatsiyasi prezidenti Ramon Suzara bugun Sport vazirligiga tashrif buyurdi.
Sport vaziri Adkham Ikramov, Ichki ishlar vaziri, O’zbekiston voleybol federatsiyasi raisi Aziz Toshpo’latov hamda Osiyo voleybol konfederatsiyasi prezidenti Ramon Suzara boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda voleybol sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida xorijiy mehmonga batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mazkur sport turini yoshlar orasida ommalashtirish, professional sportchilarning tayyorgarlik jarayonlarini xorij tajribasi asosida takomillashtirish, murabbiy va hakamlar ishtirokida turli seminar va tadbirlar tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
OVK prezidenti janob Ramon Suzara Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijalari musobaqalardagi yutuqlar orqali yaqqol namoyon bo’layotganini alohida e’tirof etdi.