Osiyo velosport konfederatsiyasi (ACC) 2027-yildan amalga oshiriladigan yangi tashabbuslarni tasdiqladi
2026-yil 6-avgust kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo velosport konfederatsiyasi (ACC) Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2027-yildan boshlab Osiyoda velosportni rivojlantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va musobaqalar tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Qabul qilingan asosiy qarorlarga ko‘ra:
2027-yildan ACC Grand Fondo Osiyo chempionati tashkil etiladi. Masters toifasi shosse bo‘yicha Osiyo chempionatidan ajratilib, ushbu yangi musobaqa tarkibiga kiritiladi.
Yosh sportchilar uchun Asian Youth Plus Track Championships yangi qit’a chempionati yo‘lga qo‘yiladi. Ilk musobaqa 2027-yilda Filippinning Tagaytay shahrida o‘tkaziladi.
Asian Balance Bike Challenge musobaqasi 2027-yilda ham Tailand mezbonligida tashkil etiladi.
2027-yildan shosse bo‘yicha Osiyo chempionatiga o‘smirlar (yigitlar va qizlar) toifalari ham kiritiladi.
ACCning 2027-yilgi Kongressi 12-iyun kuni Xitoyning Ichki Mo‘g‘ulistonidagi Ordos shahrida, Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi esa 11-iyun kuni o‘tkaziladi.
Demak, kelasi yildan e'tiboran 15-16 yosh toifasida shosse va trek bo'yicha Osiyo chempionati tashkil etiladi. Bunga qadar o'smirlar faqatgina 17-18 yosh toifasida ishtirok etishgan.
2027-yil 2-fevral kuni Kuala-Lumpurda UCIda ovoz berish huquqiga ega Osiyo vakillarini saylash bo‘yicha navbatdan tashqari ACC Kongressi tashkil etiladi.
ACC rivojlanayotgan milliy federatsiyalarni velosiped va zarur jihozlar bilan ta’minlash dasturini davom ettirishini ma’lum qildi.
Yig‘ilish yakunida ACC rahbariyati mazkur tashabbuslar yoshlar sportini rivojlantirish, ommaviy velosportni kengaytirish va Osiyoda velosportning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.