locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Osiyo o‘yinlari – 2026: Kurash bellashuvlari vaqti va vazn toifalari e’lon qilindi

Boshqa sport turlari 30 apr 2025 da 18:05
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Osiyo o‘yinlari – 2026: Kurash bellashuvlari vaqti va vazn toifalari e’lon qilindi
PHOTO: Telegram

Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida 2026 yil bo‘lib o‘tadigan XX-Yozgi Osiyo o‘yinlari sari tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus olgan. Qit’amizning eng nufuzli sport anjumani sanalgan mazkur musobaqada Kurash sport turi yana bir bor o‘z o‘rnini topishi, uning milliy va xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Bugun Osiyo Olimpiya Kengashi (OCA) va barcha sport turlari bo‘yicha texnik direktorlar ishtirokida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda musobaqalarning aniq sanalari, vazn toifalari, o‘tkazilish joylari hamda tashkiliy jihatlar batafsil muhokama qilindi.

Qayd etish lozimki, Kurash bo‘yicha musobaqalarda erkaklar va ayollar uchun uchtadan vazn toifasi tasdiqlandi. Bu qaror, asosan, umumiy ishtirokchilar sonini cheklash maqsadida qabul qilindi. Tashkiliy qo‘mita dastlab 13 000 nafar sportchi uchun infratuzilma yaratish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan va natijada umumiy ishtirokchilar sonini 10 000 nafarga qisqartirishga qaror qilingan. Bu o‘zgarish Kurash, Karate va Ushu kabi sport turlarida vazn toifalari sonining qisqarishiga olib keldi.

Musobaqada ishtirok etuvchi Kurashchilar Yaponiyaning Nagoya shahrida joylashadigan maxsus kruiz kemasida boshqa sport turlari vakillari bilan birgalikda yashashadi. Ushbu suzuvchi mehmonxonada 5000 nafarga yaqin sportchi va rasmiy delegatsiya a’zolari uchun sharoit yaratiladi.


Kurash bo‘yicha bellashuvlar 2026 yil 27, 28 va 29 sentabr kunlari o‘tkaziladi. Bellashuvlar Aichi prefekturasining jang san’atlariga ixtisoslashtirilgan majmuasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu arenada Jiu-jitsu, Otishma, Ushu va boshqa jang san’atlari bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 19 sentabr kuni, yopilish marosimi esa 4 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar ushbu marosimlarda 35 000 nafarga yaqin mehmon ishtirok etishini kutmoqda.

Kurash bo‘yicha XX-Yozgi Osiyo o‘yinlari doirasidagi rasmiy vazn toifalari quyidagicha belgilandi:
• Ayollar: –57 kg, –78 kg, +87 kg
• Erkaklar: –66 kg, –81 kg, +90 kg

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting