Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati doirasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi tashkil etildi.
Tadbir Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Prezidenti Mohammed Yousef Almana raisligida o‘tkazildi. Unda federatsiya Bosh kotibi Mohammed Ahmed Alharbi, faxriy mexmon sifatida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Prezidenti Muhammad Jalud, Ijroiya qo‘mitasi a'zolari, a'zo mamlakatlar milliy federatsalari rahbarlari va mutasaddilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adkham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibidan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining avvalgi yig‘ilishi bayonnomasini ko‘rib chiqish, 2027-yilda Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlari, Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan Yopiq inshootlar va jang san'atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik hamda boshqa dolzarb masalalar o‘rin oldi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adkham Ikramov hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov tomonidan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Prezidenti Mohammed Yousef Almana janoblariga "Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi" ko‘krak nishoni topshirildi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, Osiyo qit'asida og‘ir atletikani rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.