Osiyo kubogi-2026 saralash bosqichiga qur'a tashlash qachon boʻlishi ma'lum. Oʻzbekiston birinchi savatchada
Indoneziya davlati mezbonlik qilishi rejalashtirilgan futzal boʻyicha "Osiyo kubogi-2026" turnirining saralash bosqichida ishtirok etuvchi jamoalar ma’lum boʻldi.
OFK qit’a kubogi saralash bosqichida 30 terma jamoa ishtirok etishini tasdiqladi.
Jamoalar 4 ta savatga ajratildi. Savatlar terma jamoalarning FIFA reytingidagi oʻrniga koʻra taqsimlangan boʻlib, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Eron, Tailand, Yaponiya, Vyetnam, Afgʻoniston, Quvayt va Iroq termalari bilan birgalikda 1-savatdan joy egalladi.
Turnirning final bosqichi mezboni toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmaga ega boʻladi. Saralash bosqichida 3 ta jamoadan iborat boʻlgan ikki guruh va 4 ta jamoadan tashkil topgan yana oltita guruh shakllantiriladi. Keyingi bosqichga jami 15 jamoa yoʻl oladi. Ularning 8 tasi oʻz guruhida gʻoliblikni qoʻlga kiritganlar boʻlsa, qolgan 7 jamoa nomi guruhlarning eng yaxshi 2-oʻrinlaridan aniqlanadi.
Musobaqa uchun qur`a tashlash marosimi 26-iyun sanasida OFKning Kuala-Lumpur shahridagi shtab-kvartirasida boʻladi. Turnir esa joriy yilning 16-24-sentabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.