locale OZ

Osiyo chempionati: Vohidov va Yakubboev markaziy uchrashuvlarda, ayollar termasiga 6-tur omad keltirmadi

Boshqa sport turlari
Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Rasm: zarnews.uz

Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati qizg‘in davom etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 80 000 AQSh dollari bo‘lgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi keng tarkibda ishtirok etmoqda. Qit’a chempionatining erkaklar bahslarida 33 mamlakatdan 156 nafar, ayollar musobaqasida esa 23 davlatdan 101 nafar shaxmatchi medallar uchun bellashmoqda.

Bugun, 13 may kuni 7-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Unda Shamsiddin Vohidov qora donalarda xitoylik xalqaro usta Yang Zilongga qarshi o‘ynaydi. Nodirbek Yakubboev ham qora donalarda Xitoy vakili Dai Changrenga qarshi kurash olib boradi. Madaminov esa oq donalarda hindistonlik Luka Mendonkaga qarshi doska ortiga chiqadi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa 6-tur terma jamoamiz uchun omadli kechmadi. Yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova qora donalarda hindistonlik Vantika Agravalga yutqazdi.

Bir vaqtlar AQSh terma jamoasi sharafini himoya qilgan, hozirda O‘zbekiston safida to‘p surayotgan Gulruhbegim Tohirjonova o‘zining kambekini ushbu chempionatda amalga oshirmoqda. U 6-turga kelib ilk mag‘lubiyatini qabul qildi — qora donalarda hindistonlik Nandhidaga imkoniyatni boy berdi.

Shuningdek, bu turda Nodira Nodirjonova, Guldona Karimova, Nilufarxon Imomqozieva, Barchinoy Shokirjonova, Rukiya Olimova, Zilola Aktamova va Liliya Belaya ham mag‘lub bo‘lishdi.

G‘alaba qozonganlar safida esa Umida Omonova, Odina Olimova, Marjona Malikova, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova bor. Mohim O‘rozmuhammedova filippinlik raqibasiga qarshi bellashuvda durang natijasiga erishdi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting