Osiyo chempionati: Vohidov muhim g‘alabaga erishdi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati qizg‘in sur’atda davom etmoqda. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Qit’a chempionatida erkaklar o‘rtasida 33 mamlakatdan 156, ayollar o‘rtasida esa 23 davlatdan 101 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi ham musobaqada keng tarkib bilan ishtirok etmoqda.
6-tur partiyalarida bir qator muhim natijalar qayd etildi. Jumladan, Shamsiddin Vohidov oq donalarda kuchli raqiblardan biri – rossiyalik Ivan Zemlyanskyni mag‘lub etib, 5,5 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Hozircha eronlik Bardia Daneshvar 6 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turibdi. Zemlyanskiy ham 5,5 ochko to‘plagan, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlarda Vohidovdan ortda.
Muhiddin Madaminov esa oq donalarda taniqli hind grossmeysteri Luka Mendonkani mag‘lub etib, ochkolarini 5 taga yetkazdi. Bu natija uni 12-pog‘onadan 6-o‘ringa olib chiqdi. Shu turda Humoyun Begmuratov, Miraziz Matyoqubov va Saidxon Ashikmamutov ham g‘alaba qozondi. O’riyat Obidjonov, Asilbek Abdulazizov, Asrorjon Omonov va Bahrom Baxrillaev durang qayd etdi.
Afsuski, Muhammadzohid Suyarov hindistonlik grossmeyster Narayannga mag‘lub bo‘ldi. Elita shaxmatchilarimizdan Nodirbek Yakubboev hozircha 4,5 ochko to‘plagan holda 25-pog‘onada bormoqda.
7-turda Vohidov peshqadamlik uchun bellashuvda Ivan Zemlyanskiy bilan dona sursa, Daneshvar Bardia hindistonlik Abhimanyu Puranikka qarshi taxtaga chiqadi. Madaminov esa qora donalarda Narayannga qarshi bahs olib boradi.