Osiyo chempionati. Gulruhbegim va Afruza muhim g‘alabalarga erishishdi
Maʼlumki, soʻnggi kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi. Mukofot jamgʻarmasi 80 000 AQSh dollarini tashkil etgan mazkur nufuzli musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi ham yirik tarkibda ishtirok etdi. Ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda 23 davlatdan 101 nafar ishtirokchi medallar uchun kurash olib bordi.
Terma jamoamiz yetakchilari yettinchi turda muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi. Yoshlar oʻrtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova oq donalarda Shri-Lanka vakilasi Devindiya Gunavardhanani mag‘lub etdi. Bir muddat AQSh sharafini himoya qilgan Gulruhbegim Tohirjonova esa qozoqistonlik Elnaz Kaliahmetni yengdi. Eslatib o‘tamiz, har ikki shaxmatchimiz oltinchi turda raqibalariga imkoniyatni boy berib qo‘yishgandi.
Yettinchi tur natijalariga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari orasida eng yaxshi natijani Gulruhbegim Tohirjonova va Afruza Hamdamova qayd etdi. Gulruhbegim 5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 9-o‘rinni egalladi. Shuncha ochkoga ega bo‘lgan Hamdamova esa 11-pog‘onadan joy oldi. Turnir jadvalida 6 ochkodan to‘plagan hindistonlik Seshadri Srija va mo‘g‘ulistonlik Bat-Erdene Mungunzul yetakchilik qildi. Ulardan keyingi o‘rinlarda Valentina Gunina, Anastasiya Bondaruk va Agraval Vantika 5,5 ochkodan jamg‘argan holda qayd etildi.
Sakkizinchi turda Tohirjonova oq donalarda rossiyalik Valentina Guningaga qarshi, Hamdamova esa qora donalarda hindistonlik Geet Swatiga qarshi bellashdi.