Osiyo chempionati: Gulruhbegim g‘alaba qozondi, Afruza durang o‘ynadi
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirgan. 80 ming AQSh dollari mukofot jamg‘armasiga ega mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi ham yirik tarkib bilan ishtirok etmoqda. Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 23 davlatdan 101 nafar shaxmatchi g‘alaba va medallar uchun kurash olib bormoqda.
Navbatdagi — 8-turda terma jamoamiz yetakchilari yana muhim ochkolarni jamg‘arishdi. Yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova qora donalarda hindistonlik Geet Swatiga qarshi durang qayd etdi. Gulruhbegim Tohirjonova esa oq donalarda rossiyalik Anastasiya Bondarukni motga tushirdi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Bugungi 9-turda Tohirjonova qora donalarda xitoylik Song Yuxinga qarshi juda muhim o‘yinda ishtirok etadi. Har ikki shaxmatchi 6 ochkodan to‘plagan va Jahon Kubogi yo‘llanmasi uchun jiddiy da’vogar hisoblanadi. Afruza Hamdamova esa oq donalarda 5,5 ochkoga ega rossiyalik Mariya Yakimovaga qarshi taqdir sinab ko‘radi.