Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi rahbarlari Gulistondagi sport infratuzilmasi bilan tanishdi
Kunning ikkinchi yarmida Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi Prezidenti hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi rahbariyati Guliston shahrida joylashgan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida markazda sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy sport inshootlari hamda mashg‘ulot jarayonlarini tashkil etish tizimi bilan yaqindan tanishildi.
Xususan, markazning belbog‘li kurash bo‘limida faoliyat olib borayotgan sportchilar va murabbiylar bilan uchrashuv tashkil etilib, mashg‘ulotlar jarayoni, sportchilarning tayyorgarlik darajasi hamda mavjud sharoitlar yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv davomida sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning professional mahoratini oshirish va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tashrif doirasida joriy yilda Guliston shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan infratuzilma obyektlari joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqildi. Jumladan, ochiq sport maydonlari, musobaqalarni tashkil etish uchun mos hududlar, mehmonxonalar, sportchilar va mehmonlar uchun yaratilgan yashash sharoitlari, transport va logistika tizimi hamda xavfsizlik masalalari atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullar tomonidan Guliston shahrining xalqaro miqyosdagi sport tadbirlarini qabul qilish salohiyati yuqori baholanib, mavjud imkoniyatlar Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun yetarli ekanligi qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilib, tashkiliy masalalarni yanada takomillashtirish yuzasidan kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Mazkur tashrif belbog‘li kurash sport turini Sirdaryo viloyatida yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yurtimiz sportchilari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.