Oq uyda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan UFC turnirida nechta jang oʻtkazilishi maʼlum boʻldi
UFC va WWE brendlariga egalik qiluvchi «Endeavor» media kompaniyasi rahbari Ari Emanuel AQSH prezidentining qarorgohi — Oq uyda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tarixiy turnir haqida yangi ma’lumotlarni ochiqladi.
Emanuelning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘ziga xos sport tadbirida ko‘pi bilan yettitagacha jang o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni damda UFC rahbari Dana Uayt turnir ustida qizg‘in ish olib bormoqda. Mazkur musobaqa 14 iyun sanasiga belgilangan bo‘lib, unda bevosita 3000-4000 nafar atrofida tomoshabin ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, tashkilotchilar turnirni kuzatish uchun maxsus qo‘shimcha tomosha zonalarini ham tashkil etishni rejalashtirishgan.
Ushbu noyob va nufuzli turnirda ishtirok etish istagini hozirning o‘zidayoq dunyo yulduzlari bildirib ulgurishdi. Xususan, Konor Makgregor, Jon Jons, Aleks Pereyra, Maykl Chendler va Iliya Topuriya kabi mashhur jangchilar Oq uyda jang qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishgan.
Hozircha turnirning to‘liq kardi va markaziy jang ishtirokchilari rasman tasdiqlanmagan.