Og'ir atletika. Yoshlar o’rtasidagi Jahon chempionati doirasida dastlabki medallar o‘z egalarini topdi
Xabaringiz bor, Misrning Ismoiliya shahrida yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi. Ilk kun bahslarida qizlar o‘rtasida -48 kg va -53 kg, yigitlar o‘rtasida esa -60 kg vazn toifalarida g‘olib hamda sovrindorlar nomi aniqlandi. Ilk kun yakunlariga ko‘ra, Xitoy sportchilari mutlaq ustunlikni namoyish etib, umumjamoa hisobida yetakchilikni qo‘lga oldi.
Jumladan, qizlar o‘rtasida -48 kg vazn toifasida o‘tgan yilgi kabi yana Xitoy vakilasi ustunlikni qo‘lga kiritdi.
-48 kg vazn toifasi natijalari:
1-o'rin. Zailian ZENG — 189 kg (81+108)
2-o'rin. Angeline COLONIA — 177 kg (80+97)
3-o'rin. Rebeka GROULX — 174 kg (77+97)
Shuningdek, o‘g‘il bolalar o‘rtasida -60 kg vazn toifasida ham keskin va murosasiz bahslar kuzatildi. Ushbu yo‘nalishda ham Xitoy terma jamoasi vakillari oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
-60 kg vazn toifasi natijalari:
1-o'rin. Lixin KANG — 290 kg (126+164)
2-o'rin. Chengmin KUANG — 289 kg (127+162)
3-o'rin. K Duong — 282 kg (125+157)
Musobaqa davomida keskin va dramatik holatlar ham kuzatildi. Vyetnam sportchisi hal qiluvchi urinishda g‘alaba uchun kurashib, rekord natijaga yaqinlashgan bo‘lsa-da, so‘nggi urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Turkiya vakili Yigit Erdog‘an dast ko‘tarishda rekord o‘rnatganiga qaramay, siltab ko‘tarish bahslarida uning urinishlari hakamlar tomonidan tasdiqlanmadi. Shunga qaramay, yana bir turkiyalik sportchi Burak Aykun siltab ko‘tarish (154 kg) va umumiy hisobda (273 kg) yoshlar o‘rtasida Yevropa rekordlarini qayd etdi.
Qizlar o‘rtasida -53 kg vazn toifasida ham Xitoy sportchisi to‘liq ustunlikni namoyish etdi. Peng Tianfeng hech qanday bosimsiz har ikki yo‘nalishda ham faqat o‘z natijalarini yaxshilashga e’tibor qaratib, 203 kg (90+113) natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-53 kg vazn toifasi natijalari:
1-o'rin. Peng TIANFENG — 203 kg (90+113)
2-o'rin. Natcha KAEWNOI — 195 kg (87+108)
3-o'rin. Maria STRATOUDAKI — 188 kg (86+102)