Og'ir atletika. Xalqaro Og‘ir Atletika Federatsiyasi Raisi Islom Sivilizatsiyasi Markaziga Tashrif Buyurdi
Xalqaro Og‘ir Atletika Federatsiyasi (IWF) raisi Muhammed Hassan Jalood yurtimizdagi tashrifi davomida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazib, “Prezident Olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan sport musobaqalarini kuzatdi.
Tashrifning eng e’tiborga molik voqealaridan biri — uning Islom Sivilizatsiyasi Markaziga qilgan tashrifi bo‘ldi. Bu nafaqat madaniy-ma’rifiy tadbir, balki sport diplomatiyasining yangi qirralarini namoyon etgan uchrashuv bo‘lib tarixda muhrlandi.
Mehmon Markazning asosiy zallari, ilmiy-tadqiqot bo‘limlari va nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan fond bilan tanishdi. Islom olamining ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi, buyuk allomalar merosi va tarixiy manbalarning boyligi unda katta taassurot qoldirdi.
Muhammed Hassan Jalood O‘zbekistonda sport bilan bir qatorda ilm-ma’rifatga ham keng imkoniyatlar yaratilayotganini yuqori baholadi. U Markaz yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, zamonaviy ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlar va tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi yondashuvni alohida e’tirof etdi.
IWF raisining ushbu tashrifi xalqaro sport hamjamiyatida O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy salohiyati va ochiq hamkorlik siyosatini yana bir bor namoyish etdi. Tarixiy meros va sportning uyg‘unligi esa mamlakatimizning jahon maydonidagi obro‘sini yanada mustahkamlab, kelgusi hamkorliklar uchun yangi ufqlar ochadi.