Og'ir atletika. Shaxrillo Maxmudovning Tojikistonga tashrifi: hamkorlik va yangi tashabbuslar
Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov xizmat safari bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif davomida Shaxrillo Sharipovich Tojikiston og‘ir atletika federatsiyasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shuningdek, safar doirasida sportchilar tayyorgarlik olib borayotgan mashg‘ulot bazalari va sport zallari bilan yaqindan tanishilib, ularda yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Muloqotlar davomida og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish, sportchilar tayyorgarligi sifatini oshirish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, joriy yil o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Tojikiston terma jamoasiga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda yurtimizda tashkil etish taklifi bildirildi.
Qayd etish joizki, mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi sport aloqalarini yanada rivojlantirish, tajriba almashish va og‘ir atletika sport turining taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.