Og'ir atletika. “Qatar Cup”: muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi yurtimizga qaytdi!
Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan “10th Qatar Weightlifting Cup” xalqaro turniri o‘z nihoyasiga yetdi. Dunyoning qariyb 30 mamlakatidan kuchli og‘ir atletlar jam bo‘lgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi yilning so‘nggi startida ham an’anaga sodiq qolgan holda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Musobaqa davomida terma jamoamiz vakillari 4 ta oltin, 15 ta kumush va 5 ta bronza jami 24 ta medal qo‘lga kiritib, ochkolar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu natija o‘zbek og‘ir atletika maktabining barqaror rivojlanayotgani va sportchilarimizning yuqori tayyorgarlik darajasini yana bir bor tasdiqladi.
Turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng muzaffar sportchilarimiz bugun tunda yurtimizga qaytib kelishdi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, sportchilarning oila a’zolari va yaqinlari tantanali tarzda qarshi oldi.
Marosimda so‘zga chiqqan federatsiya bosh kotibi Olim Maxmudov atletlarimizni ushbu yutuq bilan samimiy tabriklab, jamoaning 2025-yilda xalqaro maydonlarda yuqori natijalar qayd etganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u kelgusi musobaqalarda ham sportchilarimizga omad va zafarlar tiladi.