Og'ir atletika. O‘zbekiston va Xalqaro og‘ir atletika federatsiyalari rahbarlari uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi Sherzod Xidayatov Saidjanovich hamda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammed Hassan Jalood ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida Muhammed Hassan Jalood O‘zbekiston sportchilarining so‘nggi yillardagi yuksak natijalarini alohida e’tirof etdi.
Xususan, Jahon chempionatida Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinovning erishgan yuqori ko‘rsatkichlari, shuningdek, Bahrayn mezbonligida o‘tgan Osiyo yoshlar o‘yinlarida terma jamoamiz a’zolari tomonidan qo‘lga kiritilgan 7 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallari yuqori baholandi.
Bundan tashqari, Islom birdamlik o‘yinlarida sportchilarimizning 6 ta oltin, 9 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani ham xalqaro federatsiya rahbari tomonidan katta e’tirof bilan tilga olindi.
Uchrashuv davomida ushbu muvaffaqiyatlar mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan izchil siyosat, samarali islohotlar va aniq strategiyaning natijasi ekani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida yaqin kelajak rejalari ham muhokama qilindi. Jumladan, kelgusi yil avgust oyida O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qilishi, shuningdek, 2027-yilda ham xalqaro musobaqani qabul qilish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.