Og'ir atletika. O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi Samarqandda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini boshladi
Shu kunlarda O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi a’zolari Samarqand viloyatida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib bormoqda. 20 nafar iqtidorli sportchidan iborat jamoa ushbu yig‘in orqali o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan.
Mazkur mashg‘ulotlar 20-aprelga qadar davom etadi va asosiy e’tibor may oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati hamda avgust oyida yurtimizda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Yig‘in davomida sportchilarning jismoniy holati, texnik-taktik mahorati va ruhiy tayyorgarligini yanada mustahkamlash ustida kompleks ishlar olib borilmoqda.
Murabbiylar shtabi tomonidan har bir sportchining imkoniyatlari alohida tahlil qilinib, individual yondashuv asosida mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Bu esa jamoaning kelgusi nufuzli musobaqalarda yuqori natijalar qayd etishiga xizmat qilishi shubhasiz.