Og'ir atletika. O‘zbekiston chempionati boshlanishiga roppa-rosa 30 kun qoldi!
Roppa-rosa bir oydan so‘ng Chirchiq shahrida yoshlar hamda kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga start beriladi. Mazkur musobaqa yangilangan Nizom asosida o‘tkazilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Yangi tartibga ko‘ra, Respublika miqyosidagi musobaqalarda faqat saralash bosqichlarida chempion, g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan sportchilar ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, yosh toifalari uchun alohida sport razryadlari talabi joriy etilmoqda.
Musobaqaga oid barcha talabnomalar “ERP Sport” hamda u-entry.uz elektron tizimlari orqali qabul qilinadi va yuritiladi. Mazkur tizimlar jarayonning shaffofligi va tezkorligini ta’minlaydi.
Yana bir muhim o‘zgarish shundan iboratki, ilk bor dast va siltab ko‘tarish yo‘nalishlarida alohida medallar topshiriladi. Bunda ikkikurash natijasi alohida taqdirlanmaydi, jamoaviy hisob esa qo‘lga kiritilgan medallar yig‘indisi asosida aniqlanadi.
Umuman olganda, yangilangan Nizom musobaqaning tashkiliy hamda sport jihatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, chempionatning yuqori saviyada, shaffof va murosasiz raqobat ruhida o‘tishini ta’minlaydi. Shu bois, og‘ir atletika ixlosmandlarini haqiqiy sport bayrami kutmoqda.