Og'ir atletika. Mashhura Rustamova terma jamoamizning muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi
“10th Qatar Weightlifting Cup” turniridan navbatdagi xushxabar. Biroz avval –77 kg vazn toifasidagi bahslar ham yakuniga yetdi. Ushbu vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Mashhura Rustamova terma jamoamiz sportchilarining muvaffaqiyatli yurishini munosib tarzda davom ettirib, sovrindorlar safidan joy oldi.
Mashhura dast ko‘tarishda 86 kg, siltab ko‘tarishda 111 kg natija qayd etdi. Ikki kurash yakunlariga ko‘ra jami 197 kg bilan har uch yo‘nalishda ham musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Mazkur vazn toifasida oltin medal Shimoliy Koreya terma jamoasi vakiliga, bronza medal esa Quvayt sportchisiga nasib etdi.
Mashhura Rustamovaning ushbu muvaffaqiyatli chiqishidan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining musobaqada qo‘lga kiritgan umumiy medallari soni 14 taga yetdi.