Og'ir atletika. Katta startlar oldidan muhim bosqich: terma jamoamiz Rossiyaga yo’l oldi
Chirchiq shahrida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarning dastlabki bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari navbatdagi xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Sochi shahriga jo‘nab ketishdi.
Terma jamoamiz 21-fevralga qadar Sochida bo‘lib, ushbu yig‘in davomida jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlikni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Xalqaro darajadagi mazkur mashg‘ulotlar Osiyo chempionati, Jahon chempionati hamda Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalar oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘taydi.
Mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga terma jamoaning 15 nafar yetakchi polvoni jalb etilgan. Yig‘in davomida jamoaga murabbiylar — Bahrom Mendiboyev va Jurabek Zairov rahbarlik qilmoqda. Sportchilarning sog‘lig‘i va jismoniy holati esa jamoa shifokori Abiddin Muslimov tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladi.