Og'ir atletika. Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan qahramonlarimiz Vatanimizga qaytishdi
Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ularni Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, federatsiya vakillari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qarshi olishdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va sportchilar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda, deya ta’kidlashdi.
Shuningdek, og‘ir atletikachilarimizning xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, yurtimiz nomini munosib himoya qilayotgani faxr va g‘urur bilan qayd etildi.