Og'ir atletika. Forde–2025: Jahon chempionatida Olimpiya chempionlari bahsi
2-11-oktabr kunlari Norvegiyaning Forde shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu safar uchta Olimpiadada, uch xil vazn toifasida g‘olib chiqqan chempionlar bir maydonda o‘zaro bellashadi.
Musobaqaga jami olti nafar Olimpiya chempioni tashrif buyurmoqda. Bu yaxshi ko‘rsatkich, chunki Rio, Tokio va Parijda chempion bo‘lgan xitoylik atletlarning ko‘pchiligi qatnashmaydi — ularning ayrimlari faoliyatini yakunlagan, boshqalari esa noyabr oyida bo‘ladigan Xitoy milliy o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda.
Biz uchun eng muhim voqea — 110 kg vazn toifasidagi bahs. Bu safar ikkala asosiy raqib ham O‘zbekistondan: 33 yoshli Rio–2016 chempioni Ruslan Nurudinov va undan 8 yosh kichik, Tokio–2020 g‘olibi Akbar Jo‘rayev o‘zaro kuch sinashadi.
Nurudinov bundan 1,5 yil avval bel jarohati sababli sportni tark etishni o‘ylagan edi. Ammo u o’zining eng yaxshi formasiga qaytib, o‘tgan yil dekabrda Bahraynda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 242 kg siltab ko‘tarishda jahon rekordini o‘rnatdi va eng yaqin raqibidan 20 kg oldinda bo’ldi
Jo‘rayev esa Parijda Liu Xuanxua ortidan ikkinchi bo‘lganidan keyin faqat bir marta musobaqada qatnashdi. Hozirda u mashg‘ulotlarda yuqori natijalar ko‘rsatmoqda. 195–237–427 standart ko‘rsatkichlarni ikkala sportchimiz ham yangilashga qodir.
Bundan tashqari, 94 kg vazn toifasida ham yulduzli tarkib to‘plangan. 9-oktabr kuni “A” guruhida Rio–2016 chempioni Kianush Rostami, Tokio–2020 g‘olibi Meso Hassona va Parij–2024 chempioni, 21 yoshli rekordchi Karlos Nasar bahs olib boradi.
Fordedagi oltinchi Olimpiya chempioni — indoneziyalik Rizki Juniansyah. U ham 79 kg vaznda o‘z jamoadoshi bilan raqobatlashadi. Bu vaznda allaqachon bir nechta sportchilar jahon rekord ko‘rsatkichlari — 166–203–362 dan yuqorini qayd etishga muvaffaq bo‘lishgan.
Musobaqada yana ko‘plab kuchli atletlar ham ishtirok etadi: koreyalik Son Xyeonxo, venesuelalik Olimpiada medali sohibi Xulio Mayora, qozoq sportchisi Yedige Yemberdi, italiyalik Oskar Reyes va misrlik Mohamed Elsayed shular jumlasidan.
Chempionatda ishtirokchilarning yoshi orasida ham katta farq bor: eng yosh atlet — 14 yoshli kuwaitlik Muhammad Alotaibiy dastlabki sessiyada 60 kg vazn toifasida maydonga tushsa, eng katta yoshdagi sportchi — 40 yoshli chexiyalik Olimpiadachi Kamil Kuchera so‘nggi kunda super-og‘ir vazn “B” guruhida raqobatga kirishadi.
Demak, bu yilgi Fordedagi jahon chempionati o‘ta murosasiz va shiddatli bellashuvlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.