Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston Kubogi va “Markaziy Osiyo” ochiq chempionati: rekordlar, g‘alabalar va yangi nomlar
Xorazm viloyati, Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida besh kun davomida og‘ir atletika ixlosmandlari uchun haqiqiy sport bayramiga aylandi. Unda U20 yoshlar va kattalar (erkaklar hamda ayollar) o‘rtasida O‘zbekiston Kubogi hamda “Markaziy Osiyo” ochiq chempionati tashkil etildi.
Mazkur chempionatda mamlakatimizning barcha hududlaridan yetakchi sportchilar, shuningdek, Turkiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kabi davlatlardan atletlar qatnashib, o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Har bir bahs murosasiz kurashlarga boy bo‘lib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Musobaqa davomida bir nechta yangi O‘zbekiston rekordlari o‘rnatildi. Xususan, Nigora Abdullayeva, Rigina Adashboyeva va Omadillo Olimov o‘z vazn toifalarida tarixiy natijalarga erishib, milliy rekordlarni yangiladi.
Shuningdek, musobaqani adolatli va shaffof o‘tkazishni ta’minlash maqsadida doping nazorati ham o‘tkazildi. Bu jarayon esa musobaqaning halolligini ta’minlashga xizmat qildi.
Bundan tashqari, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi sportchilar aniqlandi:
• Kattalar o‘rtasida eng yaxshi ayol sportchi — Nigora Abdullayeva
• Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi qiz bola sportchi — Madina Fayzullayeva
• Kattalar o‘rtasida eng yaxshi erkak sportchi — Sharofiddin Amriddinov
• Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi o‘g‘il bola sportchi — Ruslan Rahmatjonov
Musobaqa yakuniga ko‘ra viloyatlar kesimida quyidagi natijalar qayd etildi:
Kattalar – Erkaklar:
1. Toshkent viloyati
2. Samarqand viloyati
3. Xorazm viloyati
Kattalar – Ayollar:
1. Xorazm viloyati
2. Qashqadaryo viloyati
3. Navoiy OPSTTM
Yoshlar – O‘g‘il bolalar:
1. Xorazm viloyati
2. Toshkent viloyati
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Yoshlar – Qiz bolalar:
1. Xorazm viloyati
2. Navoiy OPSTTM
3. Namangan viloyati