Og'ir atletika. Bekzod G’ofurjonov hamda Qobuljon Aliyev kunni chiroyli natijalar bilan yakunlashdi!
Xabar berib borayotganimizdek, Eronning Babolsar shahrida harbiy sportchilar o‘rtasidagi “1st Weightlifting Challenge” musobaqasi davom etmoqda. Bugungi kun ham terma jamoamiz vakillari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Kunning ikkinchi qismida supachaga chiqqan har ikki sportchimiz ham shohsupadan o‘rin egallashdi.
-88 kg vazn toifasida ishtirok etgan Bekzod G‘ofurjonov dast ko‘tarishda 150 kg natija qayd etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarish bahslarida esa u 185, 190 hamda 193 kgni muvaffaqiyatli zabt etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ikki kurash yakunida 343 kg natija bilan G’ofurjonov yana kumush medal sohibiga aylandi.
Yana bir hamyurtimiz Qobuljon Aliyev esa -94 kg vazn toifasida dast ko‘tarishda 153 va 158 kg og‘irliklarni ko‘tarib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Siltab ko‘tarish yo‘nalishida esa 185 va 191 kg og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli ko‘tarib, ushbu yo‘nalishni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Ikki kurash yakunida 349 kg umumiy natija qayd etgan Aliyev musobaqani bronza medali bilan yakunladi.