Og'ir atletika. Adhamjon Ergashevdan terma jamoamiz hisobiga bronza “trebl”
Adhamjon Ergashevdan terma jamoamiz hisobiga bronza “trebl”
Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan “10th Qatar Weightlifting Cup” turnirining ikkinchi kungi bahslari davom etmoqda. Nufuzli musobaqada dunyoning qariyb 30 ta davlatidan tashrif buyurgan polvonlar g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Quvonarlisi, mazkur bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalar qayd etmoqda. Xususan, -65 kg vazn toifasida kechgan bellashuvlarda hamyurtimiz Adhamjon Ergashev chinakam irodani namoyish etib, dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish hamda ikki kurash yakuniga ko‘ra uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu vazn toifasida oltin medal Shimoliy Koreya terma jamoasi a’zosi Kim Hyok Songga nasib etgan bo‘lsa, kumush medalni Saudiya Arabistoni vakili Seraj Abdulrahim Al Saleem qo’lga kiritdi.
E’tiborlisi, Adhamjon Ergashev ikki yillik tanaffusdan so‘ng ketma-ket ikkinchi musobaqada ham shohsupaga ko‘tarilib, o‘zining yuqori sport formasini yana bir bor namoyon etdi.