Nukus shahrida Inson uchun shiori ostida ommaviy inklyuziv yugurish marafoni tashkil etildi
Nukus shahrida Inson uchun shiori ostida ommaviy inklyuziv yugurish marafoni tashkil etildi. Mazkur tadbirda 350 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda agentlik tizimi xodimlari faol ishtirok etdi. Ushbu tashabbus turli qatlam vakillarini birlashtirib, jamiyatda mehr-oqibat, birdamlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Marafon nafaqat sport musobaqasi, balki insonparvarlik, kuchli iroda va hayotga bo‘lgan ishonch timsoliga aylandi. Ishtirokchilar o‘zlarining matonati va qat’iyatini namoyon etib, boshqalarga ham ilhom bag‘ishlashdi.
Tadbir davomida qatnashchilarga samimiy tilaklar, do‘stona muhit va ruhiy qo‘llab-quvvatlov hamroh bo‘ldi.
Shuningdek, marafon yakunida g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mazkur marafon yana bir bor “Sport – hammamiz uchun!” degan ezgu g‘oyaning hayotiy ahamiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etdi.