Nodirbek Yakubboev – Rubinstein Memorial 2025 chempioni
Polshaning Polyanitsa-Zdrui shahrida o‘tkazilgan an’anaviy “Akiba Rubinstein International Chess Festival” o‘z yakuniga yetdi. 61-marta tashkil etilgan musobaqa 7 ta guruhda bo‘lib o‘tdi. Eng nufuzli “ALREH” guruhida esa hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Nodirbek Yakubboev bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu guruhda Hindiston, Ukraina, Angliya, Germaniya, Chexiya va Polsha shaxmatchilari bilan birga jami 10 nafar grossmeyster ishtirok etdi. G‘olib 9 tur natijasiga ko‘ra aniqlangan.
Yakubboev so‘nggi turda ukrainalik Igor Kovalenko bilan durang o‘ynadi va 6,5 ochko bilan peshqadamligini saqlab qoldi. Bir tur avval u o‘zining asosiy raqibi, germaniyalik Mattias Bluebaum bilan ham durangga rozi bo‘lgandi.
Shu tariqa, Nodirbek Yakubboev Rubinstein Memorial 2025 chempioniga aylandi. Musobaqa natijasida u o‘z hisobiga +18,2 reyting ochkosini qo‘shdi va jonli reytingda 45-o‘ringa ko‘tarildi.