Nodirbek Abdusattorov va boshqa ishtirokchilar Superbet Chess Classic Romania turnirida qancha mukofot puliga ega chiqishdi?
Avval xabar qilinganidek, Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida shaxmat bo'yicha nufuzli Superbet Chess Classic Romania turniri bo'lib o'tdi. Ushbu bellashuv Grand Chess Tour 2025 tasnifiga kiradi va jahon shaxmatining eng kuchli 10 nafar grossmeysterini bir joyga jamladi. Turnirning umumiy mukofot jamg'armasi 350 000 AQSh dollarini tashkil qildi.
Yurtimiz vakili Nodirbek Abdusattorov musobaqani 4,5 ochko bilan yakunlab, 5-o‘rinni egalladi. Bu natija uchun u 6 GCT ochkosi hamda 26 000 dollar mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
Turnir g‘olibi — Rameshbabu Praggnanandhaa 5,5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar orqali chempionlikni qo‘lga kiritdi. Hindistonlik yosh iste’dod uchun taqdim etilgan mukofot — 10 GCT ochkosi va 77 667 dollar.
Yana ikki shaxmatchi — Maksim Vashye-Lagrav va Alireza Firuzja ham 5,5 ochkodan jamg‘arishdi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar asosida 2–3-o‘rinlarni bo‘lishib, har biri 67 667 dollardan mukofot puli oldi.
Eng kam ochko to‘plagan shaxmatchi — Yan-Krishtof Duda (Polsha) musobaqani so‘nggi o‘rinda yakunladi va 10 500 dollar mukofotga ega bo‘ldi.