Nodirbek Abdusattorov Tata Steel Chess 2026 turniri g‘olibi
Nodirbek Abdusattorov shaxmat olamidagi eng nufuzli musobaqalardan biri — Tata Steel Chess 2026 Masters turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yurtdoshimiz musobaqa davomida barqaror va yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etib, 13 turdan 9 ochko jamg‘ardi hamda 2862 performans ko‘rsatkichi bilan yakuniy jadvalda birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu natija Nodirbekning jahon shaxmatidagi yetakchi o‘yinchilar qatoridagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi.
Abdusattorov avvalgi yillarda ham mazkur turnirda sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan edi: 2023-yilda 2-o‘rin, 2024 va 2025-yillarda 3-o‘rin. Nihoyat, 2026-yilda u uzoq kutilgan chempionlikka erishdi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, onlayn reyting hisobida Abdusattorov o‘z ko‘rsatkichini +19,5 punktga oshirib, 2770 reyting bilan kuchli beshlikka ko‘tarildi.