Nodirbek Abdusattorov Sent-Luis turnirida omadsiz ishtirok etmoqda
AQShning Sent-Luis shahrida mukofot jamg‘armasi 350 ming dollardan iborat nufuzli shaxmat turniri – Sinquefield Cup 2025ning 7-tur bahslari o‘tkazildi. Dunyo shaxmatining yetakchi 10 grossmeysteri qatnashayotgan musobaqada hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov (2771) omadli harakat qila olmayapti. U 7 ta partiyada hali g‘alabaga erisha olmadi: 4 marta mag‘lub bo‘ldi, 3 marta durangga rozi bo‘ldi va jadvalda oxirgi – 10-o‘rinni egallab turibdi. Kecha o‘tkazilgan 7-turda Abdusattorov polyak grossmeysteri Yan-Krishstof Dudaga yutqazdi.
Turnirning eng yirik sensatsiyasi Wesley Soning amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuni mag‘lub etishi bo‘ldi. Shuningdek, Rameshbabu Praggnanandhaa fransiyalik Alireza Firouzja ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Qolgan ikki uchrashuv durang bilan yakunlandi.
Musobaqa yakuniga 2 tur qolgan bir paytda jadvalda qo‘shhokimlik kuzatilmoqda: Fabiano Caruana va Praggnanandhaa 4,5 tadan ochko jamg‘arib, yetakchilikni bo‘lishib turibdi.