Nikita Svetkov — «IV. Budapest GP» xalqaro musobaqasi g‘olibi
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi Nikita Svetkov Vengriyada o‘tkazilgan “IV. Budapest GP” xalqaro musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimiz velosportning trek yo‘nalishidagi eng murakkab va nufuzli dasturlardan biri, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan “Omnium” ko‘pkurashida barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqa davomida Svetkov har bir yo‘nalishda yuqori mahorat namoyish etdi. Jumladan, u “Scratch” dasturida 40 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. “Tempo Race” bahsida ham 40 ochko jamg‘arib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Elimination” poygasida ham raqiblariga imkoniyat qoldirmagan Nikita “Point Race” dasturida 26 ochko jamg‘ardi.
Shu tariqa, barcha dasturlar yakuniga ko‘ra 146 ochko to‘plagan Nikita Svetkov “Omnium” ko‘pkurashini birinchi o‘rinda yakunlab, O‘zbekiston delegatsiyasiga oltin medalni taqdim etdi. Murosasiz kurash va keskin raqobat ostida kechgan bahslarda Ramazan Yilmaz (Turkiya) ikkinchi, Daniel Staniszewski esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Nikita Svetkovni ushbu yorqin g‘alaba bilan muborakbod etamiz! Yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenada munosib himoya qilayotgan hamyurtimizga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaymiz!