Navoiy viloyatida sport sohasida 2025-yil yakunlariga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi
Bugun, viloyatning Ma’naviyat va ma’rifat markazida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov, soha mas’ullari va sportchilar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun aytish joizki, 2025-yil davomida o‘tkazilgan O‘zbekiston, Osiyo, Jahon chempionati va kuboklarida hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida navoiylik sportchilar jami 1859 ta medallarni jamg‘ardilar.
Shuningdek, Prezident olimpiadasida Navoiy viloyat sport delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, 6 ta oltin, 9 ta kumush va 8 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi
Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida joriy yilning 9–15-dekabr kunlari Dubai–2025 yoshlar para Osiyo o‘yinlarida 8 nafar navoiylik sportchilar ishtirok etib, 32 ta medallarni (25 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza) qo‘lga kiritishdi.
Tadbir davomida g‘olib va sovrindorlar viloyat hokimi tomonidan tantanali tarzda taqdirlanib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.