Namanganda velosporti bo‘yicha “Silk-Way Namangan” xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 24-sentabrda qabul qilingan PQ-5251-sonli qaror – “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora–tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat asosida mamlakatimizda velosiped sporti jadal rivojlanmoqda.
Shu asosda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 7–10-may kunlari Namangan shahrida yirik xalqaro sport tadbiri - “Silk-Way Namangan” xalqaro velosport musobaqasi o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqa velosiped sportining trek yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilib, unda bir nechta xorijiy davlatlardan yetuk sportchilar, xalqaro hakamlar va kuzatuvchilar ishtiroki kutilmoqda. “Silk-Way Namangan” musobaqasi Markaziy Osiyoning zamonaviy velosport markazlaridan biriga aylanish yo‘lida Namangan viloyatining imkoniyatlarini keng namoyon etadi.