Namanganda «Uzbekistan Open» xalqaro turniriga start berildi
Bugun Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida xalqaro taekvondo turniri — “Uzbekistan Open” musobaqasi oʻzining tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi.
Mazkur nufuzli musobaqa Xalqaro taekvondo federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Respublika Sport vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan.
Turnirda nafaqat Oʻzbekistonning turli hududlaridan, balki Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan mingdan ziyod tajribali va iqtidorli sportchilar ishtirok etmoqda.
Musobaqa oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasida boʻlib oʻtmoqda. Har bir toifa sportchilari oʻz vazn toifasida tatamiga chiqib, kuch, chaqqonlik va mahorat sinovida bellashmoqda.
Turnirning asosiy maqsadi — xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash, yosh sportchilarga xalqaro tajriba berish hamda taekvondo sport turini mamlakatimizda yanada ommalashtirishdan iborat.
“Uzbekistan Open” bir necha kun davom etadi. Turnir yakunida eng kuchli sportchilar aniqlanib, ular xalqaro miqyosdagi navbatdagi musobaqalarga yoʻllanma olishadi.