Namanganda suv polosi bo‘yicha yoshlar turniri boshlandi
Namangan viloyatidagi suv sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida 15 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida ochiq turnir boshlandi. Ushbu musobaqa O‘zbekiston suv polosi milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Ravil Shamilevich Vishnyakov xotirasiga bag‘ishlandi. Umr yo‘lini sportga bag‘ishlagan murabbiy mamlakatimizda suv sport turlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ravil Vishnyakov o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston chempionlari va xalqaro turnir g‘oliblarini tarbiyalagan. Jamoasi bilan birga ko‘p bor mamlakat chempionatlari va kuboklarini qo‘lga kiritgan. 2010-yilgi Osiyo chempionatida shogirdlari uchinchi o‘rinni egallagani esa uning eng katta yutuqlaridan biri sifatida tarixga kirgan. Uning boy tajribasi va ustozlik maktabi kelgusi avlod sportchilari uchun muhim meros bo‘lib qoldi.
Turnirda Rossiyaning Ramenskoe shahridan tashrif buyurgan jamoa, Jizzax viloyati va Namangandan to‘rtta jamoa ishtirok etmoqda. Bellashuvlar 23 avgustgacha davom etadi.
Har bir o‘yindan so‘ng eng yaxshi o‘yinchi aniqlanib, esdalik sovg‘asi va sertifikat bilan taqdirlanmoqda. Bu esa yoshlar uchun qo‘shimcha rag‘bat va kelgusi muvaffaqiyatlarga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Birinchi kun natijalari:
• Namangan viloyati – “Pioner” (Rossiya, Ramenskoe) 34:3
• Jizzax viloyati – SSSh po VVS Namangan 6:16
• “Sharks” (Namangan) – “Sparta” (Namangan) 11:18
• “Pioner” (Rossiya, Ramenskoe) – Jizzax viloyati 11:2
Xotira turniri nafaqat yosh sportchilarni birlashtirmoqda, balki tajriba almashish va mahorat oshirish uchun muhim maydonga aylanmoqda.