Namanganda qo'l jangi bo'yicha viloyat kubogi o'tkazildi
2026-yilning 18–20-avgust kunlari Namangan shahridagi “Qo‘l jangi markazi”da sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha yoshlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida Namangan viloyati kubogi musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida qo‘l jangi sport turini yanada ommalashtirish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash, iqtidorli va istiqbolli sportchilarni saralab olish hamda ularning mahoratini oshirishdan iborat.
Musobaqada Namangan viloyatining turli hududlaridan tashrif buyurgan yoshlar va kichik o‘smirlar g‘oliblik uchun bahs olib bordilar. Sportchilar turli vazn toifalarida kuch sinashib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi, chaqqonligi, kuchi, texnik va taktik mahoratini namoyish etdilar.
Murosasiz va qizg‘in kechgan bellashuvlarda har bir ishtirokchi g‘alaba uchun bor kuchini ishga soldi. Ayniqsa, yosh sportchilarning qat’iyati, intilishi va sportga bo‘lgan qiziqishi musobaqaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldilar. Ularga diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu musobaqa yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash, ularda iroda, jasorat, intizom va g‘alabaga bo‘lgan ishonchni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.