Namanganda dzyudo bo‘yicha «Hokim Olimpiadasi» musobaqalari bo‘lib o‘tdi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida sportning dzyudo turi bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining 2-bosqichi — “Hokim Olimpiadasi” bahslari tashkil etildi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar ishtirok etib, tatamida o‘zaro kuch, mahorat va matonat borasida bellashdilar.
Bahslar davomida sportchilar murosasiz janglar, chiroyli usullar va yuqori tayyorgarlik darajasini namoyish etdilar. Har bir uchrashuv muxlislar uchun qiziqarli va keskin ruhda kechdi.
Mazkur musobaqalar yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy va ma’naviy barkamolligini oshirish, iste’dodli sportchilarni saralab olish hamda olimpia harakatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Hokim Olimpiadasi”ning keyingi bosqichlarida sportning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham bellashuvlar davom ettiriladi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlari esa navbatdagi respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.